Tasvirlarni segmentlash kompyuterli ko‘rish va tasvirlarni qayta ishlash sohasida muhim vazifa bo‘lib, so‘nggi yillarda turli sohalarda, shu jumladan xavfsizlik tizimlari, biometrik tizimlar, tibbiy diagnostika va boshqa ilovalarda keng qo‘llanilib kelinmoqda. Tasvirlarni segmentlashning an’anaviy usullari amalga oshirish qulayligi, yuqori ishlov berish tezligi va cheklangan miqdordagi ma’lumotlar bilan ishlash qobiliyati sabab segmentlash usullari orasida mashhurdir. Mazkur ishda yuz tasvirlarini segmentlashning an’anaviy usullari tadqiq qilingan bo‘lib, ushbu usullarni har birini o‘ziga xos xususiyatlari, yutuq va kamchiliklari bayon etilgan. Shuningdek, segmentlashda qo‘llaniladigan mashinali o‘qitish usullari haqida ma’lumotlar va ularni qiyosiy tahlil natijalari keltirilgan.